Ko‘pchilik elektron pullarni kriptovalyuta bilan adashtiradi. Aslida, bu so‘mning ekvivalenti bo‘lib, uning aylanishi faqat elektron tizimda amalga oshiriladi.
Raqamli (elektron) pullar – bu naqd pulning komp'yuter vositalarida aks etadigan axborot-timsoliy ekvivalenti. Ko‘plab manbalarda elektron pullarga Markaziy bankning raqamli valyutasi, onlayn hamyonlardagi pul kabi to‘lov vositasi sifatida qaraladi.
Aniq tushunib olish kerakki, ko‘plab mamlakatlar, shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, elektron pul deganda, emitentning elektron shaklda saqlanadigan (pul vositalarining hisobi tegishli bankda ochilgan maxsus hisobda yuritiladi) va to‘lov vositasi sifatida qabul qilinadigan, so‘zsiz va qaytarib bo‘lmaydigan pul majburiyatlari tushuniladi.
Boshqacharoq qilib aytganda, bu bank majburiyatida bo‘lgan elektron hamyonlardagi valyutadir. Xavf darajasini kamaytirish (asosan, raqamli pullar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish bilan bog‘liq) maqsadida, emitent bo‘lishga faqatgina banklarga ruxsat beriladi.
Elektron hamyon nima?
Elektron hamyon – elektron pullarni boshqarishga yordam beradigan virtual instrument sanaladi. Masalan, uning yordamida xarid yoki xizmatlar uchun to‘lov qilish, o‘tkazmalarni amalga oshirish va h.k. mumkin.
Jismoniy shaxs bo‘lgan xaridorlar uchun elektron pullar qulay:
Bank kartalari |
Elektron pullar |
Bank hisob varag‘i ochish talab etiladi |
Jismoniy shaxs bo‘lgan xaridor elektron hamyonni bankka bormasdan ochishi mumkin |
Operatsiyalarni amalga oshirish vaqtida bank kartasi hisob-varag‘iga murojaat qilish talab etiladi |
Pul muomalasi bevosita elektron hamyonlar orqali amalga oshiriladi (tegishli bank komissiyalari ushlab qolinmaydi, xarajatlar kamayadi) |
Tijorat banklari bank kartalarini ochayotganda mijozni identifikasiya qilishi kerak |
Elektron hamyon egasi identifikasiyadan o‘tishi yoki o‘tmasligi mumkin (shunga qarab, maksimal limitlar belgilanadi) |
Elektron pullarning asosiy ustunligi sifatida tranzaksiyalarning arzonligi, portativlik, xavfsizlik va asosiy to‘lov tizimlaridan qisman mustaqillikni aytish mumkin.
Bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov tizimi ishtirokchilari o‘rtasida ko‘plab amaliyotlar – hisob mavjudligining verifikasiyasidan to unda yetarli mablag‘ borligini tekshirishgacha bo‘lgan ishlar sodir bo‘ladi. Elektron pullar tizimi haqida gapiriladigan bo‘lsa, ular egasining o‘zida saqlanib, tranzaksiya jarayonini sezilarli darajada oson va arzonroq qiladi.
Raqamli pul vositalari naqdsiz pullarning bir turi sifatida, saqlash va olib yurish uchun qulaydir. Barcha tizim operatorlari elektron hamyonga ruxsatsiz kirishdan pul vositalarini himoyalashga qaratilgan parol' o‘rnatish va xavfsizlikning boshqa vositalarini taqdim etadi. Bundan tashqari, elektron hamyonlardan tekshirilmagan internet-platformalarda to‘lovlarni amalga oshirish uchun (bank kartasini ulash o‘rniga) foydalanish mumkin.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi elektron pullar faqat milliy valyutada bo‘lishi kerak.
2024 yilning fevral' oyidan boshlab quyidagi elektron pul tizimlari amal qiladi:
- OSON
- E-CARD
- CLICK
- alif.mobi
- A-pay
- 1HLSW
- GlobalPay
- Payway
- Apelsin
- ExMoney
- UZUM NASIYA
- UCOIN
- PAYNET WALLET
Elektron hamyon qanday ochiladi?
O‘zbekistonda elektron hamyon ochish uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:
- to‘lov tashkilotining mobil ilovasini yuklab olish
- ro‘yxatdan o‘tish
- identifikasiyadan o‘tish
Elektron pullardan qanday foydalanish mumkin?
- Tovar va xizmatlar (kommunal to‘lovlar, chakana savdo do‘konlari,kinoteatrlar, mobil operatorlar, internet do‘konlar, televidenie, internet provayder, sovg‘a sertifikatlari) uchun to‘lovlarni amalga oshirish
- Elektron hamyon egalari o‘rtasida o‘tkazmalar (R2R)
- Elektron hamyondan bank kartasiga o‘tkazmalar
Elektron hamyonlarning qanday turlari va limitlari mavjud?
Jismoniy shaxslar uchun |
|
Elektron hamyon turi | Limitlar |
Identifikasiyadan o‘tmagan elektron hamyon | Bitta elektron qurilmada saqlanadigan elektron pullarning maksimal miqdori 5 BHMdan* (1 700 000 so‘m) oshmasligi zarur |
Bitta tranzaksiyaning maksimal miqdori 1 BHMdan oshmasligi zarur |
|
Identifikasiyadan o‘tgan elektron hamyon |
Bitta tranzaksiyaning maksimal miqdori 100 BHMdan (34 000 000) oshmasligi zarur |
YaTTlar / yuridik shaxslar uchun |
|
Maxsus elektron hamyon |
Faqat sotilgan tovar yoki ko‘rsatilgan xizmat to‘lovlarini qabul qilish uchun foydalaniladi |
Elektron pullar yordamida qanday operatsiyalarni amalga oshirish mumkin emas?
Elektron hamyondan bankomatlar orqali naqd pul yechish mumkin emas. Biroq emitent bankka borib yoki tizim agentidan elektron pullar evaziga naqd pul olish mumkin.
Elektron hamyon hisobini qanday to‘ldirish mumkin?
Elektron hamyon hisobini naqd va naqdsiz yo‘l bilan to‘ldirish mumkin:
Naqd shaklda to‘ldirishning quyidagi usullari bor:
- Bankomatlarda;
- POS-terminallarda;
- Infokiosklarda
Naqdsiz shaklda to‘ldirish quyidagi vositalar yordamida amalga oshiriladi:
- Boshqa elektron hamyonlardan o‘tkazish;
- Bank kartalaridan o‘tkazish;
- Bankdagi hisob raqamlaridan o‘tkazish
Elektron hamyondagi pullarni qanday yechib olish mumkin?
Elektron pul to‘lash uchun operatorga (to‘lov tizimi operatoriga), emitent bankka yoki agentga murojaat qilish kerak.
Elektron pullarni yechib olishda pul mablag‘lari mijoz xohishiga ko‘ra, uning bank kartasiga va bank hisob raqamiga tushirib berilishi yoki naqd shaklda (bunda ma'lum miqdorda komissiya undirilishi mumkin, elektron hamyon ochishda shart va majburiyatlarni diqqat bilan o‘rganish zarur) berilishi nazarda tutilgan.
O‘zbekistonda 01.12.2023 yildan boshlab BHM oyiga 340 000 so‘mni tashkil etadi