Islomiy moliya bu qanday moliyaviy tizim?
Islomiy moliya — bu moliyaviy munosabatlarni amalga oshirishda islom huquqi qonun-qoidalari va tamoyillariga asoslangan muqobil moliyaviy tizim. O‘z navbatida, mazkur qonun-qoidalar va tamoyillar alohida islomiy moliya standartlari ko‘rinishida ham qabul qilinishi mumkin.
Islomiy moliyaning asosiy tamoyillari nimalardan iborat?
Soha mutaxassislari tomonidan islomiy moliyaning quyidagi asosiy tamoyillari e’tirof etiladi:
1) Moliyaviy operatsiyalarning real aktivlarga asoslanishi yoki ular bilan bog‘lanishi
Islomiy moliyada moliyaviy operatsiyalar savdo, sherikchilik, ijara, ishlab chiqarish, vakillik kabi shartnomalar asosida amalga oshiriladi va har bir tuzilgan shartnoma ortida ma’lum bir turdagi real aktivlar yoki ulardan foydalanish huquqi (manfaat) mavjud bo‘lishi talab etiladi.
2) Qarz mablag‘lari ustiga qo‘shimcha ravishda foizlar yoki ustama belgilash orqali daromad olishning taqiqlanishi
Islomiy moliyada qarz summasiga ustama miqdor (evaz) qoʻyish yo‘li bilan daromad olishga ruxsat berilmaydi. Muqobil ravishda, islomiy moliya operatsiyalari savdo, sherikchilik, ijara, ishlab chiqarish, vakillik va boshqa islom huquqi, jumladan islomiy moliya standartlarida mavjud shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
3) Yuqori noaniqlik yoki mavhumlik (gʻarar) mavjud bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlanishi
Tavakkalchilik islomiy moliyada qabul qilinsa-da, u aniq qoidalar asosida va me’yor darajasida boʻlishi lozim. Shu sababdan, yuqori noaniqlik yoki mavhumlik mavjud shartnomalar yoki ehtimoliy taxminlarga asoslangan bitimlar (masalan, sunʼiy valyuta savdolari yoki hosilaviy shartnomalar) islomiy moliyada taqiqlanadi.
4) Ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyati sohalarini moliyalashtirish
Islomiy moliyada ayrim mahsulotlar bilan savdo qilish va faoliyatlarni moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi.