Maktablardagi moliyaviy savodxonlik to‘garaklari — bizga nima berdi? Yana nimalarni kutishimiz mumkin? Hech shu savollarni o‘ylab ko‘rganmisiz? Agar to‘garaklar ish boshlagan kundan bugungacha erishilgan natijalarga nazar tashlasak, javob o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi. Chunki har bir raqam ortida nafaqat dars, balki hayotning o‘zi turibdi.
Respublikada to‘garaklar tashkil etilgan 133 ta maktab — bu 133 ta jamoa, 133 ta yangi nafas, 133 ta kelajak o‘chog‘i. 190 nafar ustoz — bu shogirdiga hayotning eng muhim sabog‘ini berishga bel bog‘lagan inson. 8 464 nafar o‘quvchi — 8 464 ta orzu, 8 464 ta “ertangi kun”ning ustuni demakdir. Ular har kuni bu to‘garaklarda hayotning eng katta fanini o‘rganishmoqda: mehnatning qiymatini, reja va mas’uliyatning ahamiyatini.
Bu to‘garaklarda bolalar pulni hisoblamaydi — uni his qiladi. Ilgari “jamg‘arish” so‘zi o‘quvchilarga zerikarli tuyulgan bo‘lsa, hozir u “kelajakni qurish” ma’nosiga aylandi. Masalan, bir bolaning “men har hafta velosiped uchun pul yig‘ayapman”, degan gapi ortida shunchaki bolalik hayajonimas, rejalashtirishni o‘rganayotgan ong bor.
Ushbu darslarda kitoblar ham, formulalar ham boshqacha. “Bo‘lishish”, “qiymat”, “mas’uliyat” degan tushunchalar real hayot misolida ochib beriladi. Bolalar oiladagi xarajatni kuzatadi, ozgina mablag‘ning ham qanday yo‘l bosib o‘tishini, uning mehnat bilan bog‘liqligini bilib oladi.
Moliyaviy savodxonlik to‘garaklarining eng katta kuchi — uning ortida mamlakatdagi 19 ta tijorat bankining hamjihatlikda turishi. Ular faqat moddiy yordam bilan cheklanib qolmay, o‘quvchilarga hayotda kerak bo‘ladigan bilim, maslahat va motivatsiyani ham olib kirmoqda.
Eng faol hududlar sifatida Andijon, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari tilga olinmoqda. Bu yerlarda minglab bolalar hayotga yaqin, amaliy bilim — moliyaviy fikrlashni shakllantirmoqda. Bu yosh avlod shunchaki iqtisodni emas aslida hayotni boshqarishni ham o‘rganayotgan avloddir.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqda: moliyaviy savodxonlik — fanlar orasidagi “jonli fan”. Bolalar “pul” deganda endilikda shunchaki qog‘ozni emas, mehnatni ko‘radi. Orzu uchun reja tuziladi. Arzimagan narsaga sarflangan har bir so‘m ortida qanday imkoniyat yo‘qolishini his etadi.
Bu loyiha hozirda shunchaki qog‘ozdagi dastur bo‘lib qolmayapti. Aksincha jamiyatdagi yangi fikr oqimiga aylandi. Ustozlar o‘qitmoqda, bolalar o‘rganmoqda. Natijada —yangicha fikrlaydigan avlod shaklanmoqda.
Markaziy bank tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Moliyaviy savodxonlik to‘garaklari” bugun yoshlarga nafaqat iqtisodiy bilim, balki mustaqil fikrlash va hayotni rejalashtirish madaniyatini o‘rgatmoqda. Egallagan bilimlari orqali ular hayotda o‘z yo‘lini hisob-kitobga asoslantirmoqda. Mas’uliyat bilan fikrlaydigan avlod — kelajakning eng katta boyligi.