Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

“Moliyaviy savodxon mahalla” loyihasi amalga oshirilmoqda.

30 May 2025 15:37
531
“Moliyaviy savodxon mahalla” loyihasi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan moliyaviy bilim va ko‘nikmalarni keng ommaga yetkazish, jumladan aholi o‘rtasida moliyaviy madaniyatni yuksaltirish maqsadida yangi ijtimoiy tashabbus — “Moliyaviy savodxon mahalla” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha 17 ta tijorat banki ishtirokida joriy yilning aprel oyidan boshlab Toshkent shahrining barcha tumanlarida joylashgan 112 ta mahalla kutubxonalarida sinov tarzida amalga oshirildi va hozirda muntazam ravishda davom etmoqda.

Har oylik dastur asosida tashkil etilayotgan treninglar interaktiv va amaliy formatda o‘tkazilib, bolalar, o‘smirlar, ota-onalar va keng aholi qatlami uchun mo‘ljallangan. Treninglar doirasida quyidagi asosiy mavzular qamrab olinmoqda: moliyaviy rejalashtirish, moliyaviy savodxonlikka kirish, moliyaviy xavfsizlik, pul va pulning paydo bo‘lish tarixi, bankomatlardan xavfsiz foydalanish, jamg‘arma va bank omonatlari, kreditlar va kredit tarixini shakllantirish kabi dolzarb yo‘nalishlar.

Barcha o‘quv materiallari, metodik qo‘llanmalar va mashg‘ulotlar ssenariylari to‘liq ravishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, spikerlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida maxsus tayyorlov dasturi asosida muntazam seminar va treninglar tashkil etilmoqda. Markaziy bank loyihani to‘liq metodik va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, treninglar mazmuni va sifati ustidan monitoring olib bormoqda.

Treninglar o‘zbek va rus tillarida, yoshlar uchun tushunarli va sodda uslubda, mini-keyslar, testlar hamda amaliy mashg‘ulotlar tijorat banklari mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladi. 

“Moliyaviy savodxon mahalla” loyihasi nafaqat bilim berish, balki jamiyatda moliyaviy madaniyatni shakllantirish, yosh avlodda moliyaviy mas’uliyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.


Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Moliyaviy savodxonlik bo'yicha animasion roliklar ishlab chiqildi

Moliyaviy savodxonlik bo'yicha animasion roliklar ishlab chiqildi

Moliyaviy fikrlashni boshlagan yangi avlod

Moliyaviy fikrlashni boshlagan yangi avlod

Finlit.uz va Omonatlarni kafolatlash agentligi videotanlov e’lon qiladi!

Finlit.uz va Omonatlarni kafolatlash agentligi videotanlov e’lon qiladi!



Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X