O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

Oxirgi yangilanish:  13 Iyun 2022 11:48
28620
O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning
91

Sizning qo‘lingizda hunaringiz bor, jismoniy va yuridik shaxslarga maishiy va texnik xizmat ko‘rsatasiz, xususiy repititorlik, trenerlik va konsultantlik yoki tarjima qilish xizmatlari bilan shug‘ullanasiz, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritasiz, dasturlash xizmatlarini taqdim etasiz1. Demak, bilingki, siz o‘zini o‘zi band qiladigan shaxs – frilanser hisoblanasiz.

Hozirgi kunda, o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar o‘z faoliyatini davlat soliq qo‘mitasidan ro‘yxatdan o‘tkazish orqali ish stajiga ega bo‘ladilar. Buning uchun o‘zini o‘zi band qiladigan shaxs sifatida soliq idoralari yoki Davlat soliq qo‘mitasi mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 50%i, ya'ni 122 500 so‘mni to‘lash orqali bir yillik ish stajiga ega bo‘lishingiz mumkin. Ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi. Shu orqali siz o‘z pensiyangizni ta'minlashingiz mumkin.

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagilarni amalga oshiring:

  • Davlat soliq qo‘mitasining “Soliq” mobil ilovasini yuklang va o‘rnatib oling;
  • O‘zini o‘zi band qilish bo‘limiga o‘ting;
  • JShShIR (ПИНФЛ) raqamini (pasportdagi 14 raqam) va telefon raqamingizni kiriting;
  • Telefon raqamingizga kelgan tasdiqlash kodini kiriting va tasdiqlash tugmasini bosing;
  • Faoliyat turini qo‘shing;
  • Faoliyat joyini tanlang va ro‘yxatdan o‘tish tugmasini bosing;
  • QR kodingizni yuklab oling.
Eslatma! Ilovada xizmat va mahsulotingizni bepul reklama qilish, buyurtma olish, daromad va xarajatlar hisobini yuritish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Ro‘yxatdan o‘tish soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun sizga soliq.uz saytiga kirish uchun internet bo‘lishi lozim.

Agar sizda smartfon va internetga ulanish imkoniyati bo‘lmasa, mehnat faoliyatini amalga oshiradigan hududingizdagi davlat soliq organiga murojaat eting. U yerda sizga soliq organi xodimi ko‘maklashadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun esa pasportingiz bo‘lsa kifoya.

Eslatma! Ro‘yxatdan o‘tish mutlaqo tekin!

Yana bir ajoyib yangilik! Endilikda, «Nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya va lapar) asrash va ulardan foydalanish» faoliyati ham o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar safiga kiritildi2.

O‘ziga xos vaziyatlar tahlili:

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shartnoma asosida tashkilotlar (yuridik shaxslar)ga bir martalik xizmatlar ko‘rsatishi mumkin. Ko‘rsatilgan xizmat evaziga to‘langan haq hisobidan soliq to‘lanmaydi.

Masalan: gilam ishlab chiqarish korxonasining 5 nafar ishchi xodimlariga maxsus kiyim tiktirish uchun tikuvchi xizmatidan foydalanildi va xizmat evaziga 500 000 so‘m miqdorida bir martalik haq to‘landi. Tikuvchi o‘zining 500 000 so‘m miqdoridagi daromadi uchun soliq to‘lamaydi.

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar topayotgan daromadi soliqqa tortilmaydi.

Masalan: mijozlariga xizmat ko‘rsatib o‘zini o‘zi band qiladigan sartarosh o‘z daromadidan soliq to‘lamaydi.

Agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat faoliyatini tugatmoqchi bo‘lsa, oldindan davlat soliq xizmati organiga faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risidagi bildirishnomani «SOLIQ» maxsus mobil ilovasi yoki shaxsiy kabinet orqali yuborishi lozim.

Masalan: agar tikuvchi o‘z faoliyatini ma'lum sabablarga ko‘ra tugatmoqchi bo‘lsa, bu haqda «SOLIQ» mobil ilovasi yoki shaxsiy kabinet orqali soliq xizmati organlariga ma'lum qilishi lozim.
O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar olishi mumkin. Ushbu dastur doirasida kreditlar Agrobank, Mikrokreditbank, Xalqbanki tomonidan ajratiladi.

Kreditning asosiy shartlari:

  • Summasi:
  • - ta'minotsiz BHMning 150 barobarigacha, ya'ni 36 750 000 so‘mgacha;

    - ta'minot bilan BHMning 1000 barobarigacha, ya'ni 245 000 000 so‘mgacha (bunda, bankdan hisobraqam ochish zarur);

  • Muddati: 3 yil, 6 oy imtiyozli davr bilan
  • Foizi: 16%

Zarur hujjatlar:

  • Ariza;
  • Pasport nusxasi;
  • Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbari tavsiyanomasi;
  • Tuman oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazi xulosasi;
  • Mahsulot yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnoma.

E'tibor qarating! Kredit bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlarni tijorat banklarining veb-saytlariga kirib yoki call-markazga qo‘ng‘iroq qilib batafsil bilib olishingiz mumkin.


1 O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari RO‘YXATI, O‘zR Prezidentining 08.06.2020 yildagi PQ-4742-sonli qaroriga ilova

2 O‘zR VMning 2020 yil 23 dekabrda qabul qilingan «O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 806-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom




Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

Yoshlar tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalaning

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Oilakredit.uz platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi tasdiqlandi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X