Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?
Virtual kartalar o‘zi nima va ularning an'anaviy bank kartalaridan farqi nimada?
Virtual kartalar – bu tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining elektron kartalari bo‘lib, aynan internet orqali xaridlarni xavfsiz amalga oshirish maqsadida yaratilgan.
Virtual kartalarning an'anaviy kartalardan yagona farqi ularni qo‘l bilan ushlab bo‘lmasligida.
Virtual kartalarni qaerda va qanday ochish mumkin?
Virtual kartalar bank va to‘lov tashkilotlarining onlayn interfeyslari yordamida ochiladi (mobil ilovalari, Telegram-bot). Virtual kartalarni ochish uchun siz identifikasiyadan o‘tgan mijoz bo‘lishingiz (ya'ni, o‘z hisob raqamingizga ega bo‘lishingiz) va mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tishingiz zarur. Virtual karta ochishga ariza qoldirganingizdan so‘ng qisqa muddat ichida sizga virtual karta ma'lumotlari (karta raqami va CVC-kod) ma'lum qilinadi va siz ulardan onlayn xaridlar amalga oshirishda foydalanishingiz mumkin bo‘ladi.
Bugungi kunda tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida virtual VISA kartalarini ochish imkoniyati mavjud. Bu shuni anglatadiki, siz ma'lum bir xarid uchun virtual karta yaratishingiz mumkin va kimdur uning ma'lumotlariga ega bo‘lsa ham, sizning asosiy kartangizdagi mablag‘lardan foydalana olmaydi.
Virtual kartalarning qulayligi nimada?
- xavfsizlik – virtual kartalar Internet orqali to‘lovlarni ishonchli va sinalgan usulda amalga oshirilish imkonini beradi;
- tezlik – virtual kartalar banklar va to‘lov tashkilotlarining onlayn interfeyslari (mobil ilovalar yoki Telegram-bot) orqali qisqa muddatda ochiladi;
- qulaylik – virtual kartalarni bankka bormasdan ochish imkoniyati mavjud.
Virtual kartalar yordamida nimalarga to‘lov qilish mumkin va qanday?
Virtual kartalar orqali siz quyidagilarni amalga oshirishingiz mumkin:
- istalgan veb-saytlarda onlayn xaridlar qilish;
- pullik xizmatlarga obuna uchun to‘lov qilish;
- pullik funksiyalarni xarid qilib mobil ilovalaringiz yoki shaxsiy komp'yuteringizdagi dasturlar imkoniyatlarini kengaytirish;
- bank kartasi ma'lumotlarini talab qiluvchi servislarda ro‘yxatdan o‘tishda virtual kartalardan foydalanish;
- konvertasiya va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish.
Virtual bank kartalaridan naqd pul yechib olish va terminallar orqali xaridlar uchun to‘lov qilish mumkin emas.
Virtual bank kartalari qanday shartlar asosida* ochiladi?
Karta turi | Depozit karta |
To‘lov tizimi | VISA |
Kartaning amal qilish muddati | 1-3 yil |
Valyuta | AQSh dollari |
Karta ochish uchun komissiya to‘lovi |
bepul 10 000 so‘mgacha komissiya to‘lovi bo‘lishi mumikn |
Hisob raqamidagi minimal/ kamaytirilmaydigan qoldiq |
|
Internet orqali tovar va xizmatlar uchun to‘lov qilishda komissiya/b> | umumiy summadan 0,5-1% |
Kunlik xarajatlar limiti** |
|
Oylik xarajatlar limiti** |
|
3D secure xizmatiga ulanish | bepul |
VISA Virtual kartasi orqali boshqa xalqaro kartalarga pul o‘tkazish uchun komissiya | Umumiy operatsiya summasidan 1% (1 dollardan kam bo‘magan miqdorda) |
*Muhim! Ushbu jadval ma'lumot uchun keltirildi. Tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari tomonidan virtual kartalarni ochish hamda ulardan foydalanish shartlari mustaqil belgilanishi sababli, bir-biridan farq qilishi mumkin. Shuningdek, har bir tijorat banki va to‘lov tashkilotlari tomonidan virtual bank kartalari bo‘yicha turli qo‘shimcha bepul va pulli xizmatlar taklif qilinishi mumkin va virtual karta ochishdan oldin batafsil o‘rganib chiqish tavsiya etiladi.
**Virtual kartalarda kunlik/oylik xarajatlar uchun limit belgilangan bo‘lishi mumkin (masalan, Hamkorbank virtual kartalarida kunlik limit – 10 000 AQSh dollari, Payme virtual kartalarida esa kunlik limit 5 000 000 so‘m ekvivalentida/oylik limit 20 000 000 so‘mgacha). Virtual karta ochishdan avval tijorat banklarining rasmiy saytlarida ushbu ma'lumotlarni o‘rganib chiqish tavsiya etiladi.