Islomiy moliya sohasida moliyaviy munosabatlarning mazmuni va maqsadiga qarab turli shartnomalardan foydalaniladi. Asosiy shartnomalar ayirboshlash, sherikchilik, manfaat, xizmat va ta’minot shartnomalari kabi turlarga tasniflanadi.
Ayirboshlash shartnomalariga musavama, murobaha, salam, istisna va sarf shartnomalari kiradi. Masalan, murobaha tovarning tannarxi va unga qo‘shiladigan foyda miqdori ma’lum qilingan holdagi savdoni, salam kelajakda yetkazib beriladigan tovar bo‘yicha oldindan to‘lovni, istisna esa muayyan xususiyatlarga ega mahsulotni tayyorlash yoki ishlab chiqarish bilan bog‘liq munosabatlarni nazarda tutadi.
Sherikchilik shartnomalariga mushoraka va muzoraba kiradi. Bunday shartnomalar tomonlarning tadbirkorlik yoki investisiya faoliyatida ishtirok etishiga asoslanadi. Mushorakada tomonlar sheriklik asosida ishtirok etib, foyda va zararlarni o‘zaro taqsimlasalar, muzorabada bir tomon kapital taqdim etadi, ikkinchi tomon esa uni boshqarish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Manfaat shartnomalariga ijara va qarz-hasan kiradi. Ijarada muayyan aktivdan foydalanish huquqi belgilangan shartlar asosida boshqa tomonga beriladi. Qarz-hasan esa qarz munosabatlariga asoslangan bo‘lib, qarz oluvchi olgan mablag‘ni shartnomada belgilangan muddatda qarz beruvchiga qaytarishini nazarda tutadi.
Xizmat shartnomasiga vakala kiradi. Vakala shartnomasida bir tomon boshqa tomonga muayyan ish yoki operatsiyani uning nomidan amalga oshirish uchun vakillik vakolatini beradi.
Ta’minot shartnomalariga esa rahn (garov) va kafala (kafolat, kafillik) shartnomalari kiradi. Ushbu shartnomalar majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq munosabatlarda qo‘llaniladi. Rahn majburiyatni mol-mulk bilan ta’minlashni, kafala esa muayyan majburiyat bo‘yicha kafolat berish yoki kafil bo‘lishni nazarda tutadi.