Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

Islomiy moliya — bu qanday moliyaviy tizim?

Oxirgi yangilanish:  21 Iyul 2026 18:34
66
Islomiy moliya — bu qanday moliyaviy tizim?

Islomiy moliya — bu moliyaviy munosabatlarni tashkil etish va amalga oshirishda islom huquqi (fiqh) qonun-qoidalari va tamoyillariga tayanadigan muqobil moliyaviy tizimdir. Bu tizimning me’yoriy asosini tashkil etuvchi qoidalar va tamoyillar nafaqat klassik fiqh manbalarida, balki alohida ishlab chiqilgan zamonaviy islomiy moliya standartlari — masalan, AAOIFIning (Islomiy moliyaviy institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti) shariat standartlarida belgilangan. Ushbu yoʻnalishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ham alohida islomiy moliya standartlari ishlab chiqiladi.

Ilmiy adabiyotlarga nazar tashlasak, “islomiy moliyaviy tizim” atamasi taxminan 1970-yillarning o‘rtalaridan boshlab keng qo‘llanila boshlangan va shu davrdan buyon ushbu soha izchil rivojlanib bormoqda.


Islomiy moliyaning asosiy tamoyillari

Soha mutaxassislari, olimlari va amaliyotchilari tomonidan islomiy moliyaning quyidagi to‘rtta asosiy tamoyillari e’tirof etiladi:

1. Moliyaviy operatsiyalarning real aktivlarga asoslanishi yoki ular bilan bog‘lanishi

Islomiy moliya tizimida moliyaviy operatsiyalar savdo, sherikchilik, ijara, ishlab chiqarish va vakillik kabi shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Bu tizimning muhim talabi shundan iboratki, har bir tuzilgan shartnoma ortida albatta ma'lum bir turdagi real aktivlar yoki ulardan foydalanish huquqi (ya’ni manfaat) mavjud bo‘lishi lozim. Boshqacha ifodalasak, pul mustaqil savdo obyekti yoki tovar sifatida ishlatilmaydi, balki u faqat real iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun vosita rolini bajaradi.

2. Qarz mablag‘lari ustiga foiz yoki ustama belgilash orqali daromad olishning taqiqlanishi

Islomiy moliya tizimida qarz summasiga qo‘shimcha ustama miqdor (evaz) belgilash yo‘li bilan daromad olishga ruxsat berilmaydi. Buning o‘rniga, moliyalashtirish jarayoni savdo, sherikchilik, ijara, ishlab chiqarish, vakillik va boshqa islomiy moliya standartlariga muvofiq bo‘lgan shartnomalar asosida tashkil etiladi.

3. Yuqori noaniqlik yoki mavhumlik (g‘arar) mavjud bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshirishning taqiqlanishi

Yuqori darajadagi noaniqlik yoki mavhumlik mavjud boʻlgan shartnomalar, shuningdek ehtimoliy taxminlarga tayangan bitimlarni (masalan, sun’iy valyuta savdolari yoki hosilaviy shartnomalar) amalga oshirishga islomiy moliya tizimida ruxsat berilmaydi.

4. Ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyati sohalarini moliyalashtirish

Islomiy moliya tizimida islomiy moliya standartlariga nomuvofiq boʻlgan mahsulotlar va faoliyatlar boʻyicha savdo, ijara, sherikchilik shartnomalarni tuzishga ruxsat berilmaydi. Masalan, islomiy moliyada qimor o‘yinlari bilan bog‘liq faoliyatlarni moliyalashtirish mumkin emas.





Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Muzoraba

Muzoraba

Mushoraka (Sherikchilik)

Mushoraka (Sherikchilik)

Islomiy moliyaning asosiy tamoyillari

Islomiy moliyaning asosiy tamoyillari

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X