Foreks nima va bozorda savdo qanday amalga oshiriladi?
«Foreksda o‘ynab, pul ishlang!», «Valyuta bozorida bir kunda 100% gacha foyda qiling!», «Foreks bozorida ishlashni o‘rgatamiz!» degan bu kabi e'lonlarni internetda ko‘p uchratamiz. Rostdan ham foreksda pul ishlasa bo‘ladimi va buning uchun nimalarni bilish zarur?
Forex (to‘liq Foreign Exchange) – valyuta ayirboshlash.
Foreks bozori – valyuta bozori bo‘lib, bu yerda nafaqat valyuta operatsiyalari, balki valyuta kurslarining o‘sishi yoki tushishi bo‘yicha operatsiyalar (spekulyasilar) ham amalga oshiriladi. Forex bozori 4 jahon mintaqa vaqtlari (tinch okeani, Osiyo, Yevropa va Amerika) bo’yicha operatsiyalar sodir bo‘lgani uchun kechayu kunduz ishlaydi.
Shu bilan birga valyutalar savdosini boshlash uchun katta mablag‘ hamda maxsus jihoz talab etilmaydi. Faqatgina internet aloqasi va savdo terminali, ya'ni komp'yuterda maxsus programma bo‘lsa yetadi.
Hozirgi kunda foreksga kirish uchun mobil ilovalari ham mavjud. Ammo, bu gaplar bilan foreksda pul qilish juda oson degan fikr hosil qilishga shoshmang, chunki bu kabi savdolarda katta risklar mavjud.
Shuni bilish lozimki, foreksdagi savdolar $100 000 ekvivalentidagi pul miqdori bilan amalga oshiriladi. Shuning uchun, ushbu bozorga kirish uchun, kredit (savdo kelishuvlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar) taqdim etadigan diler yoki broker kerak bo‘ladi.
Foreks bozorida bitimlar qanday amalga oshiriladi?
Bitim tuzishdan oldin siz ikki xil valyutani (valyuta juftligi) tanlaysiz. Ulardan biri – tayanch valyuta (bazaviy), ikkinchisi – kotirovka (kotirovka qilinadigan) valyuta hisoblanadi. Asosiy vazifa – kotirovka qilinadigan valyuta bazaviy valyutaga nisbatan o‘zgarishini prognozlashtirish (oldindan aytish)dan iboratdir. Agar siz, kotirovka qilinadigan valyuta kursi oshishiga amin bo‘lsangiz, uni “sotib olish” uchun bitim ochishingiz mumkin. Agar tushadi deb oylasangiz, “sotuvga” bitim qilasiz.
Masalan, siz yevro va dollar valyuta juftligini tanladingiz. Yevro – bazaviy valyuta, dollar – kotirovka qilinadigan. Bitim tuzish jarayonida, siz yevro kursi dollarga nisbatan o‘sishini prognoz qildingiz. Hozir yevroning narxi $1,233 – siz $100lik yevro “sotib olish” bitimini ochasiz. Haqiqatda yevro sizning hisobvaraqingizga tushmaydi, ammo programmada balansingizda ko‘rinadi.
Tahmin qilib ko‘raylik, bir kundan keyin yevro narxi haqiqatdan ham $1,243 ga oshadi. Siz yevro boshqa o‘smaydi deb o‘ylab, bitimni yopasiz. Bu bilan siz, foydani aniqlaysiz: $(1,243 - 1,233) x 100 = $1. Bu pul mablag‘larini foreks-diler sizning haqiqiy bank hisobvarag‘ingizga o‘tkazib beradi. Agar yevro kursi $1,113 ga tushib ketsa, sizning zararingiz quyidagicha bo‘ladi: $(1,233 - 1,113) x 100 = $12. Ushbu zarar summasi bank hisobvarag‘ingizdan yechib olinadi.
Foreks bozorida pul ishlab topsa bo‘ladimi?
Nazariy jihatdan mumkin. Agar siz valyuta bozoridagi vaziyat o‘zgarishi bo‘yicha aniq prognozlar qilishni bilsangiz. Valyuta bozoridagi holat bir qator siyosiy va iqtisodiy omillar, katta banklar, fondlar va korxonalarga bog‘liqdir. Valyuta kurslariga hattoki yangiliklar hamda katta ahamiyatga ega bo‘lmagan detallar ta'sir ko‘rsatadi.
Valyuta qiymatiga nima ta'sir qiladi?
Valyuta qiymatini aniqlash prognozlari ikki toifaga bo‘linadi:
- foiz stavkalarining o‘zgarishini bashorat qilishga imkon beradigan yangiliklar va iqtisodiy masalalar (Markaziy bank stavkalari to‘g‘risidagi qarorlar, inflyasiya to‘g‘risidagi hisobot, ishsizlik to‘g‘risidagi hisobot, YaIM ko‘rsatkichlari, neft' narxlari);
- Xatar (risk) muhitidagi o‘zgarishlar (saylovlar, geosiyosat, terroristik tahdidlar, iqtisodiy bitimlar).
Agar siz Foreksda savdolar amalga oshirishni qaror qilsangiz, quyidagi qoidalarga amal qiling:
- xalqaro valyuta bozori qanday ishlashini o‘rganing;
- moliyaviy instrumentlar xususiyatlarini o‘rganing (derivativlar);
- faqat ishonchli broker bilan operatsiyalarni amalga oshiring;
- fond birjasi va investisiyalar to‘g‘risidagi bilimingizni oshiring;
- turli mamlakatlar iqtisodiyotidagi holat va o‘zgarishlarni tahlil qiling, shuningdek, siyosiy bayonotlar, prognozlashtiriladigan trendlar kabi omillarni hisobga olish kerak;
- diler bilan shartnomani diqqat bilan o‘rganib chiqing.