Shrift hajmi: A A
Sayt rangi: A A

To‘lov balansi statistikasi nima va u nima uchun muhim?

Oxirgi yangilanish:  18 Sen 2026 19:29
87
To‘lov balansi statistikasi nima va u nima uchun muhim?
2
Tovar va xizmatlar eksporti va importi, investitsiyalar, pul o‘tkazmalari — bular mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatini aks ettiruvchi muhim jarayonlardir. Ammo ularning barchasi yagona statistik tizimda qanday jamlanadi va mamlakatning tashqi iqtisodiy holati qanday ko‘rsatkichlar orqali ifodalanadi?

Bunga javob — to‘lov balansi statistikasi.

To‘lov balansi nima?

To‘lov balansi — mamlakat rezidentlari va norezidentlar o‘rtasida ma’lum davrda amalga oshirilgan iqtisodiy operatsiyalarning statistik yozuvidir.
Sodda qilib aytganda, u mamlakatga qanday iqtisodiy va moliyaviy oqimlar kirib kelayotgani hamda mamlakatdan qanday oqimlar chiqib ketayotganini ko‘rsatadi.
Masalan, O‘zbekiston xorijga mahsulot eksport qilsa, ushbu operatsiya to‘lov balansida aks etadi. Xorijdan mahsulot yoki xizmat sotib olinganda ham tegishli operatsiya statistikada qayd etiladi.
Bundan tashqari, xorijiy investitsiyalar, kreditlar, pul o‘tkazmalari va boshqa iqtisodiy operatsiyalar ham to‘lov balansida aks ettiriladi.

To‘lov balansi nimalardan iborat?

To‘lov balansi uchta asosiy bo‘limdan tashkil topadi:
• joriy operatsiyalar hisobi;
• kapital operatsiyalar hisobi;
• moliyaviy hisob.
Joriy operatsiyalar hisobida tovarlar va xizmatlar savdosi, birlamchi va ikkilamchi daromadlar aks ettiriladi. Masalan, mamlakatning tovarlar eksporti va importi, turizm va transport xizmatlari, investitsiyalardan olingan daromadlar hamda xalqaro pul o‘tkazmalari ushbu hisob bilan bog‘liq.
Kapital operatsiyalar hisobida kapital transfertlari, ya’ni yirik mablag‘larni ma’lum maqsadlarda qaytarib bermaslik sharti bilan o‘tkazish, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida yaratilmagan ayrim nomoliyaviy aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar qayd etiladi.
Moliyaviy hisobda esa mamlakat va tashqi dunyo o‘rtasidagi moliyaviy aktivlar va majburiyatlar bilan bog‘liq operatsiyalar aks ettiriladi. Jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar, portfel investitsiyalar, kreditlar, depozitlar va boshqa moliyaviy instrumentlar hisobga olinadi.
Shunday qilib, to‘lov balansi mamlakatning tashqi dunyo bilan savdo va moliyaviy munosabatlarini yagona tizimda ko‘rsatadi.

Nima uchun “balans” deyiladi?

To‘lov balansi ikki tomonlama yozuv tamoyili asosida shakllantiriladi.
Masalan, mamlakat xorijga mahsulot eksport qildi. Statistikada bir tomondan eksport operatsiyasi, ikkinchi tomondan esa ushbu operatsiya bilan bog‘liq moliyaviy oqim aks ettiriladi. Ya’ni, bitta iqtisodiy operatsiya o‘zaro bog‘liq yozuvlar orqali qayd etiladi.
Shuning uchun to‘lov balansi faqat pul oqimlarini qamrab olmaydi. U mamlakatning tashqi iqtisodiy operatsiyalarini o‘zaro bog‘langan yagona statistik tizim sifatida ko‘rsatadi.

To‘lov balansi qanday shakllantiriladi?

To‘lov balansi statistikasi turli rasmiy ma’lumotlar manbalari asosida shakllantiriladi.
Bunda, jumladan:
• bank tizimi ma’lumotlari;
• bojxona statistikasi;
• korxonalar hisobotlari;
• ma’muriy ma’lumotlar;
• boshqa rasmiy axborot manbalari qo‘llaniladi.
Ushbu ma’lumotlar tahlil qilinadi, tegishli tasniflarga ajratiladi va yagona metodologik yondashuv asosida umumlashtiriladi.

Nima uchun to‘lov balansi muhim?

To‘lov balansi statistikasi mamlakatning tashqi iqtisodiy holatini baholashda muhim axborot manbai hisoblanadi.
U orqali mamlakatning:
• tovarlar va xizmatlar savdosi;
• pul o‘tkazmalari;
• investitsiya oqimlari;
• kapital harakati;
• boshqa moliyaviy operatsiyalari haqida ma’lumot olish mumkin.

Ushbu ma’lumotlar tashqi sektor barqarorligini baholash, makroiqtisodiy tahlil olib borish va iqtisodiy qarorlar qabul qilishda qo‘llaniladi.
Shuningdek, to‘lov balansi statistikasi investorlar, tahlilchilar va xalqaro hamkorlar uchun mamlakat iqtisodiyotining tashqi pozitsiyasini baholashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.





Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Tijorat banklari

Tijorat banklari

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Xalqaro moliyaviy institutlar

Xalqaro moliyaviy institutlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X