Tijorat banklari

Oxirgi yangilanish:  3 Avg 2020 11:01
47949
Tijorat banklari
117

Tijorat banki nima?

Tijorat banki – tijorat asosida bank faoliyati, ya'ni mablag‘larni jalb qilish va kreditlarni taqdim etish, bank hisobvaraqlarini ochish va uni yuritish hamda to‘lovlarni o‘tkazish kabi amaliyotlarni amalga oshiruvchi kredit tashkilotidir. Tijorat banklari – bo’sh pulga (jamg‘armaga) ega va pulga muhtoj bo‘lganlar o‘rtasidagi vositachilardan biri hisoblanadi.

Tijorat banklari nima uchun kerak?

Tijorat banklari iqtisodiyotning “qon tomir tizimi” bo‘lib, aholi va biznesning to‘planib qolgan jamg‘armalarini taqsimlash orqali iqtisodiyotni zarur moliyaviy resurslar bilan ta'minlaydi. Bu vositachilik iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan “yoqilg‘i” bilan ta'minlaydigan omilidir.

Vositachi sifatida tijorat banklari pul mablag‘laridan foydalanganligi uchun foiz to‘lash sharti bilan omonatlarni jalb qiladilar va ularni aholi va tadbirkorlarga kreditlar va investitsiyalar shaklida foiz evaziga taqdim etadilar.

O‘zbekistonda tijorat banki faoliyatini yuritish uchun Markaziy bank tomonidan beriladigan bank litsenziyasini olish zarur. Ushbu litsenziya muddatsiz va uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.

Tijorat banklari qanday xizmatlar ko‘rsatadi?

Birinchidan, banklar sizning mablag‘ingiz bilan samarali foydalanishni va xavfsizligini ta'minlagan holda, omonatga pulingizni qabul qilib, foiz to‘lash orqali mablag‘laringizni ko‘paytirib beradi.

Muhim!!! Sizning omonatingiz xavfsizligi Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan uning hajmi va valyutasidan qat'iy nazar to‘liq kafolatlanadi

Ikkinchidan, Sizga mablag‘ kerak bo‘lganda yoki zarur narsalarni sotib olish uchun jamg‘armalaringiz yetarli bo‘lmaganda, tijorat banklari sizga kreditlar taqdim etishi mumkin. Misol uchun, uy, texnika, avtomobil, mebel sotib olish, o‘qish to‘lovlari va boshqalar uchun kreditlar olishingiz mumkin.

Uchinchidan, banklarning kassalari va mobil ilovalari orqali mahsulotlarning xaridi, ko‘rsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlar, jarimalar va boshqalar uchun to‘lovlarni amalga oshirish oson.

To‘rtinchidan, naqd pulsiz mablag‘lar bilan to‘lash uchun tijorat banklarida hisobvaraq ochish mumkin. Bu, onlayn do‘konlarda amalga oshirilgan xaridlar uchun eng qulay to‘lov yo‘li hisoblanadi. Bank hisobvarag‘iga mablag‘ingizni qo‘yib, ularni xavfsizlikda saqlaysiz.

Shuningdek, tijorat banklari xorijiy valyutani naqd va naqd pulsiz shakllarda sotib olish va sotish, bank konsalting va informasion xizmatlar, hujjatlarni va boshqa qimmatbaho narsalar va hokazolarni saqlash uchun seyf va yacheykalarni ijaraga berish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatadi.

Tijorat banklarining xizmatlar turi:

Jismoniy shaxslarga Yuridik shaxslarga
  • Pul o‘tkazmalari
  • Omonatlar
  • Bank kartalari
  • Kredit mahsulotlari
  • Konversion amaliyotlari
  • Mobil banking
  • Individual seyf va yacheykalar
  • Hisob-kitob va kassa xizmatlari
  • To‘lovlarni qabul qilish
  • Kommunal to‘lovlarni amalga oshirish
  • Jamg‘arma sertifikatlari
  • Mol-mulkni ishonchli boshqarish
  • Kredit mahsulotlari, shu jumladan xorijiy valyutada
  • Lizing
  • Faktoring
  • Konversion amaliyotlari
  • Internet-banking
  • Individual seyf va yacheykalari
  • Hisob-kitob va kassa xizmatlari
  • Xorijiy kredit liniyalari
  • Loyihalarni moliyalashtirish
  • Sug‘urta tashkilotlar nomidan sug‘urta shartnomasini tuzish
  • Omonat sertifikatlari
  • Mol-mulkni ishonchli boshqarish

Shu bilan birga tijorat banklariga moliyaviy amaliyotlar bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlab chiqarish, savdo, sug‘urta va boshqa faoliyat bilan bevosita shug‘ullanish taqiqlanadi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, tijorat banklarining asosiy maqsadi foyda olishdir. Banklar qanday qilib foyda olishini ko‘rib chiqaylik.

Tijorat banklari daromadlari:

Foizlar evaziga daromadlar: Foizsiz daromadlar:
  • kreditlar
  • boshqa tijorat banklariga berilgan qarzlar
  • investitsiyalar
  • qimmatli qog‘ozlarni qayta sotib olish kelishuvlari
  • Марказий банкдаги ҳисоблар
  • qarz majburiyatlariga investitsiyalar
  • lizing operatsiyalari va hokazolar
  • mijozlar uchun hisob-kitob va kassa xizmatlari
  • bank kafolatlarini taqdim etish
  • mijozlarning valyuta shartnomalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish
  • konversiya amaliyotlari
  • brokerlik va depozitar xizmatlari
  • plastik kartalar bilan amaliyotlar
  • ishonchli boshqarish amaliyotlari
  • faktoring xizmatlari
  • depozit saqlash va boshqalar

Daromad bilan bir qatorda banklarning yetarli xarajatlari mavjud:

  • foizlar bo‘yicha xarajatlar: talab qilib olingungacha bo‘lgan depozitlar hisobvaraqlari, muddatli omonatlar, Markaziy bank va boshqa tijorat banklariga to‘lovlar, to‘lanadigan kreditlar bo‘yicha;
  • foizsiz xarajatlar: komission xarajatlar va xizmatlar uchun xarajatlar (masalan, bank reklamasi yoki tadbirlarni o‘tkazish), xorijiy valyuta kursining salbiy o‘zgarishlaridan yo‘qotishlar, investitsiyalar va boshqalar;
  • operatsion xarajatlar: ish haqi xarajatlari, bank binolarini ijarasi va boshqa xarajatlari, xizmat safarlari, amortizatsiya, sug‘urta, soliqlar va boshqalar;
  • birlashmalarga a'zolik badallari uchun to‘lovlar va fuqarolar omonatini kafolatlash fondiga mablag‘lar to‘lovlari.
Yuqorida aytilgan daromad va xarajatlarning o‘rtasidagi farqi tijorat banklarining foydasi hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, omonatlar va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari nima uchun farq qilishini tushuntiradi.



Sizga ham qiziq bo‘lishi mumkin:

Tijorat banklari

Tijorat banklari

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Fond birjasi qanday faoliyat yuritadi?

Xalqaro moliyaviy institutlar

Xalqaro moliyaviy institutlar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X